TOShKENT, 22 yanv - Sputnik. Adliya vazirligi mahalladan ma’lumotnoma so‘rash tartibi bekor qilingan bo‘lsada, ammo fuqarolarni ovora qilish holatlari hamon davom etayotgani haqida xabar berdi.
"Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2018-yil 15-oktabrdan davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining shaxsning yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi, shaxsning ishsizligi hamda bolani, yolg‘iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida tasdiqlovchi hujjatlarini, shuningdek shaxsning tavsifnomasini taqdim qilish bo‘yicha tartib bekor qilinishi hamda fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi jarayonida ushbu turdagi hujjatlarni olish zaruriyati tug‘ilganda, davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur ma’lumotlarni tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olishi belgilangan.
Ammo, bugungi kunda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari (mahallalar) va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi qator vakolatli davlat organlari, shu jumladan tuman hokimliklari, Ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limlari, tuman Davlat soliq inspeksiyalari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim bo‘limlari, xalq ta’limi bo‘limlari, banklar va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan mazkur Qaror talablari noto‘g‘ri talqin etilib, fuqarolarni yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab bo‘lmoqda", - deyiladi xabarda.
Shu bois, Davlat xizmatlari agentligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan "mahalladan ma’lumotnoma" berilmasligini rasman e’lon qiladi.
XMlar orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma’lumot axborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomadan tubdan farqlanadi.
Vazirlik, agar davlat idoralari fuqarolardan yashash joyidan ma’lumotnomani taqdim etishni talab etishsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 hamda Adliya vazirligining 1008 ishonch raqamlariga murojaat etishni so‘ragan.