TOShKENT, 20 yanv – Sputnik. Qozog‘iston o‘z avtomobil brendini yaratish yo‘lida dastlabki ishlarni boshlab yubordi, deb xabar qildi Qozog‘iston Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi raisi Andrey Lavrentyev Kazinform nashriga.
“Bu, O‘zbekistonning Uz-Daewoo yoki Rossiyaning Lada avtomobillari kabi, Qozog‘istonning o‘z avtomobil markasi bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar qachon tugatilishini ayta olmayman, lekin Hukumat aniq maqsadni oldimizga qo‘ydi. Asosiysi – sarmoyadorlar ham ushbu loyihaga qiziqish uyg‘otmoqda. Yaqin kelajakda hamurtlarimizni yaxshi yangilik bilan xursand qilsak ajab emas”, - dedi Lavrentyev matbuot anjumanida.
Lavrentyev aytishiga qaragandan, Qozog‘iston milliy avtomobili Xitoyning Jac korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi ham mumkin. Kompaniya ushbu loyihani o‘z mablag‘idan moliyalashtirishga ham tayyor.
Qozog‘iston avtomoblining nomi va uning qachon bozorga chiqishi ham hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Qozog‘istonda Lada, Kia, Hyundai, Skoda, Chevrolet va Iveco nomli avtomobillar ishlab chiqarilmoqda, lekin o‘z avtomobil brendi Qozog‘istonda hech qachon bo‘lmagan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Qozog‘istonda 60 ming dona yangi avtomobil sotilgan. Ulardan yarmi – Respublika ichida ishlab chiqarilgan avtomobillar. 2017-yilga nisbatan avtomobil savdosi hajmi 24 %ga o‘sgan.