TOShKENT, 17 yanv - Sputnik. O‘zbekistondagi ajrimalarning aksariyati uchinchi tomon aralashuvi tufayli yuz berayapti, shu bois, aralashayotgan tomonga ham jazo choralarini qo‘llash taklifini kiritmoqdamiz, dedi Xalqaro Press Klub sessiyasidagi chiqishi davomida O‘zbekiston Xotin-qizlar raisi Tanzila Norboyeva. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabariga asosan.
"Ajrimlar masalasi juda muammoga aylangan. Shuncha olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, ajrimlar hali keskin kamayishiga erisholmayapmiz. Ajrimlarni biz tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘pincha uchinchi taraf aralashuvi bilan ajrimlar yuz berayotganligini aniqladik. Shuning uchun biz uchinchi tomon aralashganida, oila buziladigan bo‘lsa, uchinchi tarafga ham qandaydir chora ko‘rilishini ham qonunlarga o‘zgartirish sifatida kiritmoqchimiz". - dedi Norboyeva.
Xotin-qizlar qo‘mitasi jamiyat o‘zgarayotgan, globallashuv jarayonlari ketayotgan davrda ko‘plab qonunlarni yangitdan qabul qilishga ehtiyoj sezilayotganini, shu jumladan, oilaga taalluqli bo‘lgan O‘zbekiston qonunchiligi ham ancha eskirib qolganini, uni qaytadan ko‘rib chiqish vaqti kelganini qo‘shimcha qildi.