TOShKENT, 17 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Rossiyadan 2018-yilning iyul-sentabr oylarida pul jo‘natmalari hajmi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Mazkur raqamlar Rossiya Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan statistikada keltirib o‘tilgan.
Jismoniy shaxslar Rossiyadan 2018-yilning iyul-sentabr oylarida 12,3 milliard dollar olib chiqib ketishgan.
E’lon qilingan statistikadan ma’lum bo‘ladiki, jismoniy shaxslar MDH davlatlariga uchinchi chorakda 3,8 milliard dollar jo‘natishgan.
MDH davlatlari ichida O‘zbekiston 1,254 milliard dollar bilan yetakchilikni saqlab qolgan. Yil hisobotida mamlakatga jo‘natilgan o‘tkazmalar 3 foizga pasaygan. Ikkinchi o‘rinda 779 million dollar bilan Tojikiston joylashgan. Qirg‘iziston esa 661 million dollar bilan uchinchi pog‘onadan o‘rin oldi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonga bir millard dollardan ortiq jo‘natmalar kelib tushgan, jumladan 759 million dollar mamlakat fuqarolaridan, 318 million dollar esa Rossiya fuqarolari tomonidan yuborilgan. Bir jo‘natilgan mablag‘ning o‘rtacha hajmi 375 dollarni tashkil qiladi.
O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021-yilga kelib mehnat migrantlarining O‘zbekistonga jo‘natgan pul hajmi 7,2 milliardgacha yoki bir yarim baravargacha o‘sishi mumkinligini ma’lum qilgandi.