TOShKENT, 16 yanv - Sputnik. Xorijga chiqish pasportini olish uchun ilgari OVIR uchun to‘plangan hujjatlar talab etiladi - bular anketa-ariza, fotosurat, biometrik pasport nusxasi va voyenkomatdan ma’lumotnoma (harbiy xizmat majburiy bo‘lgan shaxslar uchun) talab etiladi. Shu bilan birga, fuqarolarga hujjat taqdim etishda rad javobi berilishi mumkin bo‘lgan sabablar ham bor, dedi Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi rahbari, podpolkovnik Qudrat Yo‘ldoshev.
"Xususan, sud yoki tergov organlari tomonidan ta’qiqlar qo‘yilgan bo‘lsa va qarzdorlik mavjud bo‘lsa hujjat olishda rad javobi berilishi mumkin. Barcha qarzlar to‘lanib, fuqaro bu haqda ma’lumotnoma taqdim etsa, u hech bir muammosiz xorijga chiqish pasportini rasmiylashtira oladi", - dedi Yo‘ldoshev Sputnik O‘zbekiston muxbiri savoliga javob berar ekan.
Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, yangi xorijga chiqish pasporti bilan fuqaro 10-yil davomida istalgan mamlakatga bora oladi.
Toshkent shahar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyi oxirida Toshkentning barcha tumanlarida zagranpasport berish uchun maxsus uskunalar o‘rnatilgan va jarayon 4-yanvar kunidan ishga tushirilgan. 2019-yilning 10 kuni davomida mutaxassislar fuqarolarga 570 ta yangi namunadagi hujjatlarni taqdim etganlar.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To‘raxodjayevga ko‘ra, zagranpasport berish tizimi bugungi kunda test rejimida ishlamoqda. Bu allaqanday xatoliklar mavjudligini anglatmaydi, aksincha, barchasi xalqaro standart talablariga javob beradi. Faqat ma’lumot to‘plash bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni mavjud. Vaqt o‘tishi bilan hukumat "qog‘ozbozlik ishlari"dan voz kechishi va jarayon to‘liq elektron formatga o‘tkazilishi kutilmoqda.
Harholda, ayni vaqtda, zagranpasport berilishi tizimi qulay bo‘lishi uchun ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, ayni vaqtda hujjat olish uchun davlat bojini elektron shaklda to‘lash imkoniyati mavjud. Kelgusida esa fuqaro barcha ma’lumotlarni uyida o‘tirib to‘ldirishi va hujjat berish markaziga faqat barmoq izlari va fotosurat topshirish uchun kelishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, fuqarolarga qulaylik yaratish uchun hujjat berilishida yuzaga kelayotgan barcha texnik yoki boshqa masalalar maxsus shakllantirilgan komissiya tomonidan tezkorlik bilan hal etilmoqda.
To‘raxodjayev shuningdek, 2019-yil davomida O‘zbekistonning xorijdagi barcha elchixona va konsulliklarini personal ma’lumotlarni qayta ishlash tizimiga ulash rejalashtirilayotganini aytdi. Bu esa O‘zbekiston fuqarolariga xorijda zagranpasport olish yoki hujjat muddatini uzaytirish imkonini beradi.
"Asosiy masala - ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash – biz bu ma’lumotlarni to‘liq internetdan yuklab ololmaymiz. Hozirda texnik jarayon ustida ish olib borilmoqda, o‘ylaymanki, joriy yilda xorijga chiqish pasportlarini chet elda berish imkoniyatini ishga tushira olamiz", - dedi To‘raxodjayev.