TOShKENT, 15 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jo‘shqin Gujarat – 2019» IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun 2019-yil 17-18 yanvar kunlari Hindistonda amaliy tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qildi.
Prezident sammit yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi, shuningdek, O‘zbekiston – Hindiston hamkorligi, xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalarini muhokama qilish uchun Bosh vazir Narendra Modi bilan muzokara o‘tkazadi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan 2003-yildan buyon Gandinagar shahrida o‘tkazib kelinayotgan «Jo‘shqin Gujarat» sammiti mintaqadagi eng yirik xalqaro forum hisoblanadi. Unda davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro tashkilot va transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, yetakchi tahlilchilar, ekspertlar ishtirok etadi.
An’anaga ko‘ra, global iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo sohasidagi sheriklikni kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlar almashishga doir dolzarb masalalar forum ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ladi.