TOShKENT, 14 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar 2019-yilda QQSdan ozod qilinadi, deb xabar qilmoqda Nuz.uz nashri.
Maqolada aytilishiga ko‘ra, GM Uzbekistan tomonidan 2019-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar 20% miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Shuningdek avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham QQSdan ozod qilinadi.
Ushbu tartib Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil oxirida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi budjetining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatgichlari va 2020-2021 yilgi budjet yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida aytib o‘tilgan.
Shuningdek, bu yil O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun aksiz solig‘i ham 5%dan 3%gacha tushiriladi.
Ma’lumot uchun, 2018-yilda Asaka shahrida joylashgan GM Uzbekistan zavodi 220 ming dona avtomobil ishlab chiqardi. Shuningdek, avtomobil ishlab chiqarish xarajatlarini 10-16 %ga kamaytirishga muvaffaq bo‘lindi.