TOShKENT, 7 yanv – Sputnik. 2018 - 2019-yil Yangi yil bayrami kunlarida Samarqandda sayyohlar soni 2 baravar oshdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Davlat Turizm qo‘mitasi.
Xususan, 2018-yilning 23-dekabrdan 28-dekabrigacha 856 nafar xorijlik sayyoh viloyatdagi mehmonxonalarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2018-yilning 29-dekabridan 2019-yilning 3-yanvariga qadar bo‘lgan davrda 1 606 nafar chet ellik sayyoh ro‘yxatga olingan, - deyilgan xabarda.
Xabarda shuningdek, sayyohlarning aksariyati: Rossiya - 588 nafar, Afg‘oniston – 198 va Yaponiya – 166 nafar mamlakatlaridan tashrif buyurgani ham aytib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, 2017-yil 29-dekabrdan 2018-yil 3-yanvargacha Samarqandda 790 nafar xorijlik sayohlar tashrif buyurgani qayd etilgan edi.
Davlat Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Samarqandga mahalliy va xorijiy sayyohlar soni oshishiga sabab - dam olish kunlarining uzaytirilishi, avia va temir yo‘l chiptalariga chegirmalar e’lon qilinishi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Tutu.ru sayti tahliliga asosan bu yilgi Yangi yil ta’tili kunlarida rossiyaliklar orasida eng ommaviy yo‘nalish O‘zbekiston deb tan olingan edi.