TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. Xitoy hukumati 3-yanvar kuni qariyb 30-yildan buyon jazodan omon qolishga muvaffaq bo‘lib kelgan manyak va zo‘ravon Gao Chenyunga nisbatan o‘lim jazosini ijroga keltirdi.
Bu haqda RIA Novosti Bayin shahri o‘rta bo‘g‘indagi xalq sudi saytiga tayangan holda xabar bermoqda.
"XXR Oliy xalq sudi raisi tomonidan qatl jazosi ijrosi to‘g‘risida chiqarilgan qarorga asosan 3-yanvar kuni kunning birinchi yarmida Gao Chenyun qatl etildi", - deyilgan sud xabarida.
O‘tgan yilning mart oyida ayblanuvchi 11 ayolni qasddan o‘ldirganlikda, shuningdek, ayollarni zo‘rlaganlik, jasadlarni tahqirlash va bosqinchilik hujumlarida aybdor deb topilgan. Uning eng kichik qurboni sakkiz yoshda bo‘lgan. Sodir etilgan jinoyatlar majmui hisobiga erkak eng oliy jazoga hukm etilgan.
Chenyun tomonidan sodir etilgan razil qotilliklar shahar aholisi o‘rtasida vahima yoygan. 2001-yilning avgustida XXR Jamoatchilik xavfsizligi vazirligi bu ishni o‘z nazoratiga olgan, ammo surishtiruv ishlari oldinga siljimagan va shu bois to‘xtatib qo‘yilgan edi. 2015-yilning mart oyida Gansu provinsiyasi jamoatchilik xavfsizligi departamenti surishtiruv ishini qayta tiklaydi. Qo‘l barmoqlarini o‘rganish va DNK analizini o‘tkazish tufayli tergovchilar gumondon shaxsini aniqlashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Politsiya Gao Chenyunni 2016-yilning 26-avgustida - ya’ni u birinchi sodir etgan jinoyatidan 28-yil o‘tib qo‘lga oldi.