TOShKENT, 21 dek – Sputnik. "Tolibon" harakati Afg‘onistondagi vaziyatning harbiy yechimi imkoni yo‘qligi va g‘alaba qozonib bo‘lmasligini tan oldi, deb xabar qildi RIA Novosti AQSh davlat kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili Zalmay Xalilzod bayonotiga asosan.
"Biz muammoni hal qilish uchun avvalo AQSh bilan va keyin Afg‘onistan huqumati bilan uchrashuv o‘tkazishimiz kerak”, - deya jurnalistlarga tolibonlardan iqtibos keltirgan Xalilzod.
Abu-Dabidagi toliblar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda AQSh, BAA, Saudiya Arabistoni va Pokiston vakillari ishtirok etishgan. Shuningdek, Afg‘oniston hukumati delegatsiyasi kelgan, u "yopiq muzokaralar"ga tayyorgarlik ko‘rgan edi, biroq toliblar bu taklifni rad etishgan. Ushbu uchrashuvda tomonlar Af-onistonda uch oylik tinchlik o‘rnatish masalasini muhokama qilganlar.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi tinchlik o‘rnatish masalasi O‘zbekiston tashqi siyosatining faol yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bunday bo‘lishiga qator ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jiddiy sabablar mavjud. Toshkentda oxirgi yil davomida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga bag‘ishlangan bir necha xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Ulardan eng muhimlaridan biri - noyabr oyida Afg‘oniston tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama komissiyaning tuzilishi bo‘ldi. Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra ushbu komissiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynashi kerak.