TOShKENT, 14 dek - Sputnik. O‘zbekiston Moliya vazirligi paxta yog‘iga solinadigan aksiz solig‘idan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 17-yalpi majlisida mamlakat Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, narxlar keskin oshib ketishini oldini olish va o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, paxta yog‘iga aksiz solig‘ini bekor qilish taklif qilinayapti. Paxta yog‘i respublikadagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lganligi sababli aksiz solig‘ining bekor qilinishi uning narxi keskin oshib ketishini oldini olishga xizmat qiladi", - deb ta’kidladi vazir.
Qo‘chqorov O‘zbekistonda yillar davomida paxta moyiga aksiz solig‘i solib kelinganligini qayd etar ekan, "dehqonga shu vaqtgacha uning haqqini to‘liq bermaganmizda, moyidanam aksiz solig‘i olganmiz", dedi.
Vazirga ko‘ra, o‘tgan yil prezident Mirziyoyev qarori bilan aksiz solig‘i birdaniga ikki barobar qisqartirilgan bo‘lsa, endilikda vazirlik 2019-yildan oziq-ovqat mahsulotlaridan hech qanday aksiz soliq olinmasin, degan topshiriq ijrosini ta’minlashni o‘z bo‘yniga olgan.
Qo‘chqorov o‘simlik yog‘iga aksiz solig‘i kelgusi yildan bekor qilinishi bilan bir vaqtda chigitning narxi keskin oshirilishini qo‘shimcha qildi.