TOShKENT, 6 dek – Sputnik. Modellar qatorini yangilash borasidagi strategiyasiga muvofiq Chevrolet Malibu avtomobillarining hozirgi avlodi ishlab chiqarishdan to‘xtatiladi, deb xabar qildi GM Uzbekistan matbuot xizmati.
Ushbu modeldagi avtomobillarni xarid qilish uchun shartnomalar tuzish 2018-yil 31-dekabriga qadar davom etadi.
GM Uzbekistan ma’lum qilishicha, dilerlik korxonalari bilan birgalikda xaridorlar oldidagi majburiyatlari bajarilishini to‘liq ta’minlaydi hamda avval shartnoma tuzgan xaridorlarga avtomobil to‘liq hajmda yetkazib beriladi.
Malibu avtomobili O‘zbekistonda 2012-yilda ishlab chiqarila boshlangan edi. 2016-yil dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Chevrolet Malibu juda qulay avtomobil ekanligini aytgandi.
Xususan, O‘zbekiston prezidenti Samarqandda JV MAN Auto — Uzbekistan korxonasiga tashrif buyurganda qirg‘izistonlik hamkasbiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalarni namoiysh qilgandi.
"Bu esa Chevrolet Malibu. Shanba-yakshanba kunlari o‘zim shunda yuraman. Juda qulay», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.