TOShKENT, 5 dek - Sputnik. FIFA vakillari Elia de Santis va Leonard Greter O‘zbekistonga tashrif chog‘ida "Milliy" stadioniga tashrif buyurishdi, deb xabar berdi O‘zbekiston Futbol assotsiasiyasi.
Mehmonlar yangi mavsum oldidan stadion chimini FIFA Forward dasturi orqali yangilash bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida tegishli ko‘rsatmalar berib o‘tishdi. Mazkur loyiha bo‘yicha kelgusida "Milliy" stadionining chimini yangilash ishlari FIFA Forward dasturi orqali moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
3-4 dekabr kunlar Toshkentda FIFA Forward dasturi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Afg‘oniston, Iroq, Qirg‘iziston, Falastin, Saudiya Arabistoni, Suriya, Tojikiston, Turkmaniston, BAA, Yaman va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyalari vakillari qatnashdi.
Seminar davomida FIFA Forward dasturi bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilinib, qatnashchilar bu borada o‘zaro fikr almashishdi. Shuningdek, FIFA tashkilotining turli departamentlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi. Jumladan, Osiyo va Okeaniya milliy assotsiatsiyalari direktori Sanjivan S Balasingam, Osiyo va Okeaniya milliy assotsiatsiyalari loyihalari bo‘yicha koordinator Elia De Santis, G‘arbiy va Markaziy Osiyo hududiy assotsiatsiyalarini rivojlantirish menejeri Essam Al-Suhibaniy, G‘arbiy va Markaziy Osiyo hududiy assotsiatsiyalari koordinatori Andrey Vashkevich FIFA Forward dasturidan unumli foydalanish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berishdi.
Shuningdek, seminar davomida milliy futbol assotsiatsiyalarning 2019-2022 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning eng hashamatli stadioni "Bunyodkor" nomi "Milliy" etib o‘zgartirilgandi. Stadionning ochilishi marosimi 2012-yil 28-sentabrda bo‘lib o‘tgan. Stadion 34 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu yil xalq maydoniga aylandi, chunki unda avval o‘ynagan “Bunyodkor” futbol jamoasi uni o‘zining jamoa balansiga o‘tkazmagan. Sport obyektida elektr energiyasi va suvdan foydalanish qarzi 100 million so‘mni tashkil qilgan.