TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. "Paxtakor" futbol klubining stadioni buzib tashlanib, ikki yil ichida uning o‘rnida yangi stadion quriladi. Bu haqda klub prezidenti Bobur Shodiyevga asoslanib Podrobno.uz xabar qildi.
Shodiyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi stadion 30 ming nafargacha muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. U eng zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan, mamlakatdagi usti to‘liq yopiluvchi ikkinchi stadionga aylanadi.
"Loyiha tayyorlab qo‘yilgan va yaqin orada hukumatga taqdim etiladi. O‘ylashimcha, ushbu loyiha qo‘llab-quvvatlanadi. Moliyaviy ta’minotimiz mavjud, loyihaning taxminiy qiymati aniq bo‘lgan, hozirda texnik holatlar ustida ishlayapmiz", – dedi Shodiyev.
U loyihaning qiymati haqida ma’lumot bermadi.
Klub matbuot xizmati esa "Paxtakor"2018 yil oxiriga qadar "Jar" sport majmuasini ijaraga olganini ma’lum qildi. Jamoaning asosiy mashg‘ulotlari "Jar" stadionida o‘tkaziladi.
"Paxtakor" stadioni 1956-yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, unga 35 ming tomoshabin sig‘adi.