TOShKENT, 26 noya – Sputnik. Bugun taxminan soat 8:05 larda Shahrisabz-Qarshi avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini favqulodda kompleks tekshiruvdan o‘tkazish rejasiga muvofiq, harbiy avtomobillar kolonnasi o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazish hududi tomon yo‘l olayotgan edi.
Yuqorida qayd etilgan yo‘l chorrahasidagi harakat harbiy avtomobil inspeksiyasi xodimlari tomonidan tartibga solinayotgan edi.
"Inspektorlar harakatni taqiqlashga ishora qilganiga qaramay, davlat raqami “70 U 110 MA” bo‘lgan “Lasetti“ rusumli avtomobil harakatlanishda davom etdi. Natijada u “ZIL-131” rusumli harbiy yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Uch kishi – yengil avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchi halok bo‘ldi,“Lasetti“ning yana bir yo‘lovchisi jarohat oldi", - deyilgan xabarda.
Jabrlangan fuqaroga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatildi, hozirda uning holati barqaror va hayotiga hech narsa xavf solmayapti.