TOShKENT, 22 noya - Sputnik. 2018 yilning 21-noyabr kuni Brussel shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa ittifoqining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish masalalari bo‘yicha komissari Neven Mimitsa bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi” shaklidagi aloqalarni yanada rivojlantirishning amaliy jihatlarini muhokama qilishdi.
“Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dinamik va samarali ko‘rinishi mamnuniyat bilan qayd etildi”, - deyilgan TIV matbuot xizmati xabarida.
Xususan ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi, shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda “Xususiy huquq” va “Tibbiyot” kabi mutaxassisliklarda Yevropa OTMlari filiallari tarmog‘ini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida umumiy budjeti 25 mln yevro bo‘lgan “Chorvachilik sektorini rivojlantirish”, “Adliya organlari tomonidan respublika mintaqalarida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash” loyihalarini Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.