TOShKENT, 7 noya - Sputnik. Baliqchilik sohasi rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Qarorga muvofiq uzluksiz suv ta’minlash imkoniyati bo‘lgan sun’iy suv havza maydonlari mavjud bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklari bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Qaror bilan baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 50 million AQSh dollari miqdorida “Ipoteka bank” ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirildi.
Tijorat banklari tomonidan 2019-2020 yillarda ajratilayotgan kredit foizi uchun Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berishning quyidagi tartibi o‘rnatildi:
· aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida;
· naslli ona baliq va baliq uvildirig‘i, yopiq suv aylanma tizimi, qafas (sadok) qurilmalarida va boshqa intensiv usullarda baliq yetishtirishni tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlari va reproduktorlarni tashkil etish, hovuzlar qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida.
· Shuningdek qarorga muvofiq endilikda baliqchilik sohasida to‘liq tizimli ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlari tashkil etiladi. Klasterning yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lganda 2019-yil 1-yanvardan uch yil davomida barcha soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
2021 yil 1-noyabrga qadar quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi:
· naslli ona baliq, baliq uvildirig‘i, respublikada ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya ta’minoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari;
· chet el tashkilotlari va ularning sho‘’ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiriladigan omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos).
Yangidan tashkil etiladigan sun’iy suv havzalarida baliq yetishtirish loyihalariga yer uchastkalari intensiv usul va resurs tejamkor texnologiyalar qo‘llanganda, Suv xo‘jaligi vazirligining xulosasi asosida ajratiladi.
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutini rivojlantirish uchun 2019-yilda Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 1 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari qaror bilan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida intensiv usulda baliq yetishtirishni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha komissiya tashkil qilindi.