TOShKENT, 24 okt - Sputnik. Departamentning Buxoro viloyati Romitan tuman bo‘limi xodimlari tomonidan Inspeksiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Bosh prokuratura xabariga asosan.
Unda Shofirkon tumanidagi “A” fermer xo‘jaligi traktor haydovchisi T.Q. fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirib, tirkama og‘irligini sun’iy ravishda oshirib, haqiqatda topshirilmagan 1,6 mln. so‘mlik 460 kg. paxtaning ortiqcha hisoblab yozilishiga erishgan.
Shuningdek, tadbirda “A” fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslari tirkama og‘irligini sun’iy ravishda oshirish yo‘li bilan 2018-yilgi paxta hosilidan aslida topshirilmagan jami 21,4 mln. so‘mlik 4236 kg. paxta xom ashyosini “Shofirkon paxta tozalash” AJ balansiga noqonuniy o‘tkazganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan “A” fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.