TOSHKENT, 28 okt - Sputnik. Oʻzbekiston dala maydonlaridan birida sodir boʻlgan "xoʻrlangan oltovlon" mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama qilinmoqda.
Eslatib oʻtamiz, shu kunlarda Facebookdagi "Xalq bilan muloqot" guruhida foydalanuvchilardan biri ariq ichida tizzisigacha suvga botgan holda qoʻlida daftar va ruchka ushlab turgan 6 nafar erkak kishining fotosuratini joylashtirgan edi. Fotosuratga qoldirilgan izohda "Paxta rejasini bajaraolmayotgan fermerlarni mana shunday xolatda "majlis darsi" oʻtilibdi", - deyilgan
Shundan soʻng, Mehnat vazirligi darhol rasmiy murojaat eʼlon qilib, fuqarolardan suratga olingan joy va sharoitni aniqlashga yordam beruvchi har qanday maʼlumotlar haqida xabar berishlarini soʻragan edi.
Bugunga kelib, ariqdagi erkaklarning kimligiga aniqlik kiritildi.
Kun.uz muxbirlari oʻtkazgan surishtiruvga koʻra ushbu holat Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani, "Abdunosir Gʻulom" fermer xoʻjaligi maydonida yuz bergan.
Nashr ariqdagilarni kimligini sanab oʻtgan: ular Oqqoʻrgʻon tumani hokimining qishloq xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari — Sherzod Murodov, tuman suv xoʻjaligi boshligʻi — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi — Sharof Ahmedov, "Ozod" MFYning oqsoqoli — Zokir Musabekov, "Mavlonboy ota" fermer xoʻjaligini rahbari — Abror Mavlonov, "Abdunosir" fermer xoʻjaligi rahbari (ismi Nosir) ekanligi aytilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, rahbarlar gʻallani oʻz vaqtida sugʻormagan masʼul va fermerlarni shu koʻrinishda jazolagan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ayni vaqtda ushbu holat yuzasidan qizgʻin muhokamani davom ettirmoqda.
Jumladan, Feysbuk foydalanuvchilarining aksariyati oʻz mansabini saqlab qolish uchun ariq suviga tushib mungʻayib turgan oltovlonni "gʻururli boʻlishga" chaqirishgan.