TOShKENT, 26 okt - Sputnik. “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida” huqumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, davlat korxonalari, muassasalari va boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan xodimlarning ish vaqti davomida ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishlari uchun ikki oy muddatda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minladi.
Ish vaqti davomida ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishlari uchun tegishli sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Shuninglek, maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachilar, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-xunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar, sog‘liqni saqlash muassasalarida esa shifokorlar tomonidan aholi o‘rtasida jismoniy tarbiyani targ‘ib qilish orqali kasalliklarning oldini olish profilaktikasini targ‘ib qilish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar ko‘raladi.
Aholining yoshiga qarab, umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport meyorlarini o‘z ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” testlarini aholining keng qatlamlari, ayniqsa uyushmagan yoshlar o‘rtasida musobaqa tarzida doimiy ravishda o‘tkazilishini tashkil qilish va ular g‘oliblarini I, II va III darajali ko‘krak nishonlari bilan rag‘batlantirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
“Jahon tarjibasidan kelib chiqib, 3-5 daqiqadan iborat ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlarini targ‘ib qilishga qaratilgan sport sog‘lomlashtirish mashqlari tele-dasturlarini tayyorlash va har kuni uch marta (ertalab, kunduzi va kechki) televideniyening barcha kanallari, shu jumladan xususiy kanallari orqali namoyish qilinishi 2018-yilning 1-dekabr oyidan boshlab doimiy amalga oshiriladi”, - deyilgan qaror loyihasida.
Qaror loyihasiga Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini va musobaqalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda “Alpomish” va “Barchinoy” ko‘krak nishonlari to‘g‘risida nizom ilova qilingan.