TOShKENT, 23 okt - Sputnik. “Hayvon egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lovlar undirish shartlari va tartibi to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Ushbu hujjat bilan “Hayvon egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lovlar undirish shartlari va tartibi to‘g‘risida Nizom”ni tasdiqlash belgilangan.
Nizom obyekti bo‘lib — hayvonlarni o‘z ehtiyoji yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘paytirish, boqish va saqlashni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli hayvonlar hisoblanadi.
Qaror loyihasida Veterinariya muassasalarida hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lov miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son Qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotni ishlab chiqarish va sotishda (ishlar va xizmatlar) xarajatlar tarkibi va moliya ko‘rsatkichlarini shakllanishi to‘g‘risidagi Nizom” hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 748-son qaroriga asosan shakllantirilishi belgilangan.
Hayvon egalaridan hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lov miqdori quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- Yirik shoxli mollar ot, eshaklar va tuyalar – eng kam ish haqining 2 foizi;
- Mayda shoxli mollar, cho‘chqa – eng kam ish haqining 1,5 foizi;
- It va mushuklar – eng kam ish haqining 1 foizi.
“Xayvon egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirilishini nazorat qilish Davlat veterinariya qo‘mitasi, Qoraqolpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi va viloyat veterinariya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi”, - deyilgan qaror loyihasida.
Qaror loyihasi 5-noyabrgacha muhokama qilinadi.