TOShKENT, 19 okt – Sputnik. “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonun (yangi tahrirda) prezident tomonidan imzolandi, deb xabar qildi Adliya vazirligining Telegram-kanali.
Qonundagi asosiy o‘zgarishlar:
- bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi;
- tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligi oshirildi;
- tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-tamoyillarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha normalar kiritildi;
- bojxona faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazorat texnik vositalarini tatbiq etish bojxona organlarining asosiy vazifalari qatoriga kiritildi;
- bank idoralariga inkasso topshiriqnomalari hamda taqdimnomalarini elektron shaklda taqdim etish amaliyoti kiritildi;
- bojxona organlari prezident tomonidan tashkil qilinishini belgilovchi yangi norma kiritildi;
- bojxona organlari xodimlari xizmat majburiyatini bajarishi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida jismoniy kuch ishlatish, maxsus vosita va o‘qotar qurolini foydalanishi shartlari, taqiqlari hamda xodimlarning huquq, majburiyat va javobgarligi belgilandi;
- bojxona organlarining doimiy yashash joyidan uzoqda xizmat qiluvchi xodimlarga ijara kompensatsiyasi to‘lash, uy-joyga muhtoj va ko‘p yil benuqson xizmat qilgan xodimlarga uy-joy qurish yoki kvartira xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar, yer uchastkalari ajratish haqidagi normalar kiritildi;
- bojxona organlari xodimlari va ularning oila a’zolariga tibbiy muassasalar bepul tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy ta’minot bilan ta’minlashning huquqiy asoslari belgilandi.