TOSHKENT, 17 okt — Sputnik. Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsuli Muhammad al Utayba saudiyalik muxolifatchi jurnalist Jamol Xashoggining qotilligida aloqador, deb xabar qildi Yeni Safak nashri huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbasiga tayangan holda.
Sal oldin Turkiya TIV RIA Novostiga bergan intervyusida seshanba kuni Saudiya Arabistoni bosh konsulining Istanbuldagi qarorgohini tekshirish ishlari rejalashtirilganini maʼlum qilgan, ammo keyinroq bu ish ortga qoldirildi. Chunki Xashoggi ishini oʻrganish boʻyicha tuzilgan Turkiya-Saudiya Arabistoni vakillaridan iborat hamkorlikdagi ishchi guruhda saudiyalik vakillar tergov ishlarida qatnasha olmadilar.
Seshanba kuni Xashoggi ishi boʻyicha avj olgan mojaro tufayli Saudiya bosh konsuli Turkiyani tark etdi.
Nashr xabariga koʻra, Xashoggi ishini oʻrganayotgan tergov guruhida jurnalist favqulodda gʻoyib boʻlgan kuni saudiya konsulligida yozib olingan audioyozuvlarga ega.
Audioyozuvlarning birida al Utayba Xashoggiga: "Agar yashashni istasang, jim yur!", - deganini eshitish mumkin.
Shuningdek, xabar qilinishicha, Xashoggi oʻldirilishdan oldin qiynoqqa solingan: uning barmoqlari soʻroq vaqtida kesib tashlangan, soʻngra, boshi tanasidan judo qilingan.
Audioyozuvga koʻra, saudiya konsuli jurnalistning qotillariga: "Bu ishni tashqarida qiling. Sizlarni deb, boshim gʻalvada qoladi", - deb aytgan.
Amerikaning Washington Post gazetasida ishlovchi Xashoggi 2017 yildan beri AQShda yashab keladi, 2 oktyabr kuni Istanbuldagi Saudiya Arabistoni bosh konsulligiga kirgach, izsiz gʻoyib boʻlgan.
Saudiyalik jurnalistning qayligʻi aytgan soʻzlarga koʻra, dipmissiya xodimlari 1 oktyabr kuni Xashoggini hujjatlarni rasmiylashtirish uchun taklif etishgan, ayolning oʻzini esa bino ichkarisiga kiritishmagan.
Xashoggi konsullik binosi ichkarisiga kirib ketganidan 5 soat oʻtgach, ishchi xodimlardan biri chiqib, Xashoggi ketganligi va uni kutib oʻtirish kerak emasligini aytgan.
Saudiya Arabistoni hukumati taʼkidiga koʻra, Xashoggi konsullik binosini tark etgach, gʻoyib boʻlgan va missiya hozirda uning gʻoyib boʻlishi faktiga aniqlik kiritish boʻyicha turk hukumati bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Turkiya prezidenti Toyib Erdoʻgʻon Saudiya Arabistoni jurnalistning yoʻqolib qolishiga aloqador emasligini isbotlashi kerakligi haqida bayonot bergan, hozircha Turkiya Saudiya tomonidan aytilgan tushuntirishlarni unchalik ishonchli emas, deb topmoqda.
Turkiya TIV vakili Xami Aksoy xabariga koʻra, rasmiy Anqara Xashoggining gʻoyib boʻlishi munosabati bilan bosh konsullikni tekshirish boʻyicha Saudiya Arabistonidan ruxsatnoma olgan.
Turkiya OAVlari xabariga koʻra, saudiya bosh konsulligida olib borilgan birinchi tekshiruv ishlari davomida turkiyalik mutaxassislar bino hovlisidagi yerdan namuna olishgan, shuningdek, bino ichkarisida qon izlarini aniqlash uchun ultrabinafsha nurlardan foydalanganlar. Tekshiruv ishlari toʻqqiz soatdan ortiq vaqt davom etgan. OAV maʼlumotlariga koʻra, politsiyachilar bino ichida Xashoggining oʻldirilganiga ishora qiluvchi dalillarni aniqlashgan.