TOShKENT, 11 okt - Sputnik. 11-oktabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Belarus, Armaniston hamda Ozarbayjon mudofaa vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv davomida tomonlar mudofaa va harbiy ta’lim sohasida hozirgi kunda olib borilayotgan hamkorlik hamda uning istiqbollariga oid masalalarni muhokama qildi, harbiy texnika yo‘nalishida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashishgan.
Ozarbayjon va Belarus respublikalarining mudofaa vazirlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida 2019-yil davomida O‘zbekiston mudofaa vazirligi bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama rejalar imzolandi.
O‘zbekiston va Belarus respublikalarining Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyatining Belarusga rasmiy tashriflari, kelgusida ham harbiy topografiya, geodeziya, kartografiya va navigatsiya sohalarida hamkorlikni davom ettirish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash masalalari o‘rin olgan.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida Belarus bilan qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida harbiy ta’lim sohasida tajriba almashishga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari rejaga ko‘ra, o‘zbekistonlik harbiy mutaxassislar Ozarbayjonda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ta’kidlangan.