Ikki surat tarixi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Instagramdagi rasmiy sahifasida "Tolibon" harakati rahbari Mulla Umarning tashqi ishlar vaziri Mulla Mutavakil bilan birga tushgan suratini joyladi.
"Afg‘oniston": tinchlik sari mashaqqatli yo‘l. "Qandahor, 1999-yil. Shaxsiy arxivdan", — deyilgan izohda.
Posmotret etu publikatsiyu v Instagram
Darvoqe, 1999 yilda rasmiy Toshkent tashabbusi bilan Afg‘onistonning qo‘shnilari bo‘lgan mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida "6+2" aloqa guruhi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Bu tadbirda Rossiya va AQSh hamda qaramash-qarshi tomonlar, xususan, "Tolibon" harakati vakillari ishtirok etishgan.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, "Afg‘onistondagi mojaroni tinchlik yo‘li bilan bartaraf etishning asosiy tamoyillari to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi" qabul qilingan.
Abdulaziz Komilovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida, shuningdek, yana bir fotosurat e’lon qilingan. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri afg‘onistonlik muxolifatchi siyosatchi Gulbiddin Hikmator bilan 2018-yilning iyulida Kobulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi aks ettirilgan.
"19 yildan so‘ng. Sobiq dala qo‘mondoni, Afg‘oniston bosh vaziri (1993—1994 yillar, 1996-yil) Gulbiddin Hikmator bilan. 2018-yil iyul. Shaxsiy arxivdan".
2018 yil mart oyida, ya’ni O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilovning Mulla Umarning Tashqi ishlar vaziri Mulla Mutavakil bilan uchrashuvidan so‘ng 19-yil o‘tib Toshkentda O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan butun dunyo e’tiborini yana bir bor Afg‘oniston masalasiga jalb qilgan va barcha manfaatdor tomonlar uchun muloqot maydoni sifatida xizmat qilgan yirik xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Siyosatchilar, ekspertlar fikrlari, chaqiriqlari bir tomon bo‘ldi-yu, O‘zbekistonga ta’lim olish uchun kelgan afg‘on qizi Asilaning "Tinchlik nimaligini O‘zbekistonga kelib angladim", - deya aytgan armon aralash so‘zlari bir tomon bo‘ldi.
Bir qarashda oddiy so‘zlar. Lekin... o‘q ovozi eshitilmagan, hech kim bir-biriga qurol ko‘tarmagan va obod O‘zbekiston afg‘onistonlik yoshlar uchun haqiqiy jannatmakon o‘lka sifatida qabul qilingani, shubhasiz.
TIV rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan suratlar - O‘zbekiston hukumatining yillar davomida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirayotgan kamtarona bo‘lsa-da, harakatlari dalilidir.
2018 yil: Afg‘onistonda qurbonlar soni 3 ming nafarga yetdi...
Afg‘onistonda 2018-yilning birinchi to‘qqiz oyida 2798 nafar tinch aholi nobud bo‘ldi, yana 5252 nafari jarohatlandi. Bugun, payshanba kuni, Afg‘onistonga ko‘mak berish bo‘yicha BMT missiyasi hisobotida keltirilgan raqamlar bu.
Xabar qilinishicha, jarohatlanganlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 3%ga kamaygan, ammo shu bilan birga halok bo‘lganlar soni 5%ga ortgan. Shu tariqa, halok bo‘lgan va jarohat olganlar soni 8 ming nafardan oshib ketgan.
"Afg‘onistonda mojaroni harbiy yo‘l bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu bois, BMT mamlakatdagi vaziyatni zudlik bilan va faqat tinch yo‘l orqali hal etishga chaqiradi... Tomonlar, tinch aholini himoya qilish va tinchlikka erishish uchun aniq choralar ko‘rishlari lozim", - deb bayonot qilgan BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tadamichi Yamamoto.
Hisobotda tinch aholining o‘limi sabablari ham keltirib o‘tilgan: qo‘lbola bombalar va xudkush-terrorchilar oqibatida (45% - 1050 kishi), yerdagi qurollangan to‘qnashuvlar (39% — 605 kishi), shuningdek, tinch aholini o‘ldirishga qaratilgan aniq harakatlar (8% — 439 kishi).
Ekspert: Afg‘onlar - irodasi egilmagan, ammo ma’rifatga muhtoj xalq
Ekspert Muhammadjon Qodirovning aytishicha, "Tolibon" harakati bilan muzokara olib borish oson ish emas.
"Ularni dag‘dag‘a va bosim ostida, hatto atom bombasini tashlash bilan qo‘rqitib ham "tinchlik o‘rnatishga" majburlab bo‘lmaydi", - deydi suhbatdosh va bu bilan haqiqatda Afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etish mumkinmasligiga uzil-kesil nuqta qo‘yadi.
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga erisha olmagan sobiq SSSRning yuz mingdan ziyod qo‘shinlari o‘z vaqtida bu hududni tark etishgan va bu holatdan hozirda o‘n mingdan ziyod kontingentini Afg‘onistonda ushlab turgan Amerika kerakli xulosalarni chiqarib olmagan.
Qodirov O‘zbekiston tomonidan o‘n yilliklar davomida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni ijobiy baholashini ta’kidlab o‘tadi va bu harakatlar nega muhim, deb hisoblashini quyidagicha izohlaydi.
"O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun omil bo‘ladigan harakatlarni davom ettirmoqda. Bu yaxshi, axir Afg‘oniston aholisining qariyb 6 millioni o‘zbeklar. O‘zbekiston tashabbus qilayapti va tashabbus qilishi kerak. Mana, temir yo‘l qurildi, savdo-sotiq munosabatlari yo‘lga qo‘yilyapti. Afg‘on xalqi ham tinchlik nafasini sezsa, ular uchun ish o‘rinlari yaratilsa va mamlakat taraqqiy eta boshlasa - o‘zgarish bo‘ladi. Urushdan bezgan afg‘on yoshlarining gaplarini bir nido sifatida qabul qilish kerak. Tinchlik o‘rnatish oson kechmayapti - toliblar o‘z shartini ilgari surgan. Ular Amerika qo‘shinlari chiqib ketishini xohlamoqda. Ya’ni bu, amaldagi hukumat bilan gaplashadigan gapimiz yo‘q degani-da", - deydi suhbatdosh va bunday vaziyatda faqatgina afg‘on yoshlariga ta’lim berish, ularga tinch, farovon hayotni ko‘rsatish orqali yutib chiqish mumkinligini qo‘shimcha qiladi.
"Hozir Afg‘onistonda toliblar safidagi aksariyat yoshlar kim naqd pul bersa, shunga xizmat qilishmoqda. Bu juda xavfli holat. Ular na o‘qishni, na yozishni biladi. Qo‘lida hunari ham yo‘q. Faqat qurol ushlashni biladi. Bunday jaholatga qarshi, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, faqat ma’rifat bilan kurashish mumkin. O‘zbekiston afg‘on yoshlariga ta’lim berishi zarur va shart", - deb o‘z so‘zini yakunlaydi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida Toshkent anjumanida chiqishi vaqtida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev muxolifat va amaldagi hukumatga muzokaralar uchun maydon hozirlab berishga tayyorligini alohida ta’kidlab o‘tgan edi. Afg‘on xalqi o‘z mamlakatida juda uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatilishiga guvoh bo‘lishiga umid bor, har holda barcha harakatlar bugun shu maqsadga qaratilgan.