TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkin.
Alimentlar summasini oldindan to‘lash yoki alimentlar to‘lash majburiyati bo‘yicha garov tuzish faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
Aliment to‘lash bo‘yicha garov shartnomasining tuzilishi aliment to‘lovchi shaxsga belgilangan O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.
Alimentlarni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun amalga oshiriladi.
Buning uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ariza bilan murojaat etiladi.
Arizaga Majburiy ijro burosining tuman (shahar) bo‘limi tomonidan berilgan aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, shuningdek, davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to‘g‘risidagi qarori ilova qilinadi.
Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasi esa tegishli formula bo‘yicha hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu qaror bilan alimentlarni to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash tartibi belgilanib, unga ko‘ra har qanday mol-mulk garov predmeti bo‘lishi mumkin ekani belgilandi.
Bunda garov qiymati eng kam oylik ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash to‘g‘risidagi garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanadi.