TOShKENT, 11-may — Sputnik. "Kelajak senga bog‘liq" nomi ostida Moskvada boshlangan ota-ona qarovisiz bolalar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston jamoasi ham qatnashadi.
Musobaqa 11-maydan 16-maygacha Moskvadagi "Sapsan-Arena" stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda 21 mamlakatning 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlaridan iborat 24 jamoa ishtirok etadi. Jahon chempionatida Angliya, Belarus, Braziliya, Burundi, Boliviya, Misr, Hindiston, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Liberiya, Mavrikiy, Meksika, Nepal, Pokiston, Rossiya, AQSh, Tojikiston, Tanzaniya, O‘zbekiston va Filippin jamoalari g‘oliblik uchun kurashadi.
Guruh bosqichi o‘yinlari 12,13,14 may kunlari, yarim final va final o‘yinlari 16-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Turnirda qatnashayotgan bolalar shuningdek, Kreml va Qizil maydon bo‘ylab sayrga chiqishadi, Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi elchisi qarorgohida ular uchun qabul uyushtiriladi, Moskva darosida yaxtada sayohat qilishadi.
Alisher Usmonovning shaxsiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli musobaqa g‘oliblari uchun bosh mukofot Londonning "Arsenal" klubiga sayohat bo‘ladi. Buyuk Britaniya poytaxtida bolalar "Arsenal" o‘smirlar akademiyasidagi tengdoshlari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishadi, Angliya premyer-ligasi bahsini tomosha qilishadi va klub futbolchilarining yopiq mashg‘ulotlarini kuzatishadi.
Bundan tashqari, turnir doirasida futbolchi o‘g‘il-qizlar ishtirokida yoshlar Kongressi tashkil etiladi. Davra suhbatida ular o‘z shaxsiy tajriba va mulohazalari bilan o‘rtoqlashadilar.
Ota-onasiz bolalar o‘rtasidagi "Kelajak senga bog‘liq" xalqaro turnirining maqsadi ota-ona mehridan mosuvo bo‘lgan yoki kattalar qarovisiz qolgan bolalarga muvaffaqiyat qozonish va jahonda eng ommabop sport turi bo‘lgan futbol orqali o‘z kelajaklarini yaratishga imkoniyat taqdim etishdan iborat.
Loyiha kelajakda butun dunyodagi ota-ona qarovisiz qolgan bolalar hayotini yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Musobaqaning 13-yillik tarixida unda o‘nga yaqin davlatdagi bolalar uylari va maktab-internatlarining 5 mingdan ortiq jamoalari ishtirok etgan. 2005-yildan buyon 39 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlar musobaqa g‘olibligi uchun maydonga tushishgan.