TOShKENT, 2 okt – Sputnik. “O‘zbekneftgaz” va Exxon Mobil Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida motor moyi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Exxon Mobil kompaniyasi “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ bazasida II va III guruh bazaviy moylarni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasida texnologik asbob-uskunalar litsenziari sifatida ishtirok etmoqda.
25 sentabr kuni “O‘zbekneftgaz”da bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar ushbu loyihani jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, xususan, litsenziya va muhandislik shartnomalarini imzolash, ishlab chiqarish jarayonining yangilangan konfiguratsiyasini hisobga olgan holda narxlarni optimallashtirish imkoniyatlari hamda qoldik fraksiyalardan qo‘shimcha bazaviy moylarni olish imkoniyatini muhokama qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, Exxon Mobil kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan ushbu loyiha O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifidan so‘ng boshlangan edi. O‘shanda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tuzilgan edi.
Bazaviy moylarni ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining taxminiy qiymati 150 million AQSh dollarini tashkil etadi va uni amalga oshirish muddati – 2018-2021 yillar. Exxon Mobil ekspertlarining ta’kidlashlaricha, bu kabi loyiha mintaqada yagonadir.
Exxon Mobil – dunyodagi yirik ko‘p funksiyali kompaniya bo‘lib, u neftni qayta ishlash, gazni qayta ishlash, neft-kimyo mahsulotlari va yirik ishlab chiqarish sanoati uchun texnologiyalarni ishlab chiqish va yetkazib berishga ixtisoslashgan.