TOShKENT, 1 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni Hindistonning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonidan biznes rivojiga g‘ov bo‘lib turgan to‘siqlar olib tashlangani, xorijlik investorlar uchun barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi.
Hindistonlik ishbilarmonlar prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekistonga investitsiya kiritish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etishdi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Suhrob Xolmurodovning hisobotida aytilishiga ko‘ra, tashrif yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo qator hujjatlar, shuningdek, umumiy qiymati 3 milliard AQSh dollaridan ziyod qiymatdagi shartnomalar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari bugun, 1-oktabrga mo‘ljallangan.
Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini tantanali kutib olish marosimi Hindiston Prezidentining "Rashtrapati Bxavan" saroyida bo‘lib o‘tadi. Prezident shu yerda O‘zbekiston va Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qisqa bayonot berishi ham ko‘zda tutilgan.
Haydarobod saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hamda hukumat a’zolari bilan tor va keng doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Ular yakunida O‘zbekiston prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qo‘shma bayonotini qabul qilish rejalashtirilgan.
O‘ziga ajratilgan qarorgohda Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi vitse-prezidenti, Senati raisi Venkayax Nayda hamda tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovindning uchrashuvida ikki tomonlama sheriklikning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiladi. O‘zbekiston prezidenti sharafiga tantanali qabul tashkil etiladi.