TOShKENT, 27 sen – Sputnik. Bugun Oliy Majlisning 16 yalpi majlisida aholiga yetkazib berilayotgan elektr, gaz va suv uchun to‘lovlarini oldindan olish tizimiga o‘tish masalasi muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Majlisda xabar berilishiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda kommunal xizmatlardan jami debitor qarzdorlik jami 278 milliard so‘mdan ziyodroqni tashkil qilmoqda. Shundan 227 mlrd so‘m aholi ulushi, 50 mlrd 600 mln so‘m esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng katta qarzdorlik Toshkent shahrida - 55 mlrd so‘mdan ortiq Toshkent viloyatida - 46 mlrd so‘mni, Namangan viloyatida esa salkam 30 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.
Elektr energiyasi bo‘yicha ham 2 trillion so‘mdan ortiq qarzdorlik yuzaga kelgan. Shundan 1,5 trln so‘mi jismoniy shaxslar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Yuqoridagi raqamlarni hamda yo‘l quyilayotgan isrofgarchiliklarni hisobga olgan holda, deputatlar ushbu sohada ta’sirchan choralarni nazarda tutuvchi qonun qabul qilish vaqti kelganini ta’kidlashdi.
Aks holda, aholini suv, elktr va gaz bilan bilan barqaror ta’minlash, yoqilg‘i energetiyeka kompleksini modernizatsiya qilish va qayta jihozlash, tovar va xizmatlar ishlab chiqarish, ishbilarmonlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi muhim ishlarni amalga oshirish xavf ostida qolishi mumkin.
Yangi qonun, ushbu sohalarda qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslikka, tejamkorlikka, aholining ma’suliyatini oshirishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga olib kelishi kerak.