TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Butunjahon turizm kuni munosabati bilan 27-29 sentabr kunlari Samarqand shahrida bir qator madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi, deb xabar qildi Zarnews.uz nashri.
Xabarda aytilishicha, Viloyat hokimi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilanishicha, 27-sentabr kuni Samarqand shahridagi barcha madaniy meros obyektlariga kirish bepul amalga oshiriladi.
Ruhobod majmuasidagi Hunarmandlar markazida konsert dasturi namoyish etiladi. Shuningdek, shahardagi Islom Karimov ko‘chasi, Registon maydoni atrofida va boshqa turistik maskanlarda Samarqand sayyohlik salohiyati bo‘yicha taqdimotlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazma-savdolari tashkil etiladi.
Shu kuni oqshom Registon maydonida mahalliy aholi va sayyohlar uchun 3D mepping shousi namoyish etiladi.
28 sentabr kuni Islom Karimov ko‘chasida tadbirlar davom etadi va kechga yaqin “Bibixonim” choyxonasida “Mega palov” tadbiriga hozirlik boshlanadi.
“Mo‘’tabar zardo‘z” xususiy korxonasi tashabbusi bilan bu yerda 1 tonnalik palov tayyorlash rejalashtirilgan. Buning uchun Farg‘onadan 2 tonnalik ulkan qozon Samarqandga keltirildi.
29 sentabr kuni bir tonnalik osh tayyorlash jarayonini xorijlik sayyohlar bevosita kuzatib borishadi.