TOShKENT, 10 sen – Sputnik. Tojikistonning Panjakent shahridan Samarqandga birinchi xalqaro avtobus yetib keldi, deb xabar qilmoqda Davlat Bojxona qo‘mitasining matbuot xizmati.
Ushbu yilning 8-sentabr kuni “Samarqand – Panjakent – Samarqand” yo‘nalishida birinchi xalqaro avtobuslar qatnovi amalga oshirildi. Birinchi avtobusda 37 nafar delegatsiya a’zolari chegarani kesib o‘tishdi.
“Jartepa” chegara-nazorat punktida yaratilgan qulay sharoitlar yo‘lovchilarni quvontirdi. Samarqand va Panjakent shaharlari orasida masofa 70 kilometr. Ushbu yo‘lni bosib o‘tish hamda ikki chegara nazorat punktlaridan o‘tish uchun yo‘lovchilar jami 1 soatu 30 daqiqa sarflashdi.
“O‘zavtotrans” agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ul xodimining aytishicha, kuniga 2 ta avtobus qatnovi amalga oshiriladi: Samarqanddan Panjikentga, Panjikentdan Samarqandga harakatlanadi. Avtobuslar harkatlanish manzili Samarqand avtoshoxbekatidan Panjikent avtoshoxbekatiga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Tojikiston orasida munosabatlar iliqlashuvi ushbu yil boshida ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari hamda o‘zaro uyushtirilgan tashriflardan keyin boshlangan edi.