TOShKENT, 24 sen – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatida Turkiya Buyuk millat majlisi (parlamenti) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Xalq So‘zi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat parlamentlararo munosabatlarini yanada mustahkamlash, muloqotni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdi.
Xususan, tomonlar Oliy Majlis Senati va Buyuk millat majlisi shafeligida O‘zbekiston va Turkiya hududlari forumlarini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yo‘lga qo‘yilgan parlamentlararo hamkorlikni hamda xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Turkiyaga hamda Turkiya prezidentining O‘zbekistonga bo‘lgan tashriflari doirasida Turkiya va O‘zbekiston parlamentlari orasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olingan.
Ushbu kelishuvlargan asosan, Oliy Majisning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.
2018 yilning mart oyida Turkiya Buyuk millat majlisi “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Turkiya Buyuk millat majlisi Tadqiqot markazi o‘rtasida aloqalar o‘rnatildi.