TOShKENT, 22 sen - Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov oxirgi vaqtlarda soni ko‘payib ketgan "qarindoshlar"ni qamash vaqti kelganini aytdi, deb xabar qildi Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatga rahbar bo‘lganidan beri "qarindoshlari" va "do‘stlari" soni ko‘payib qolgan.
Sal oldin Qirg‘iziston prezidenti matbuot-xizmati Jeenbekov 20-sentabr kuni Chuy viloyatining Kemin tumaniga tashrif uyushtirgani va u yerda mahalliy aholi bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.
Prezidentning shaxsiy operatori Ulan Satiyev Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Jeenbekov o‘zining "siyosatdagi qarindoshlari" haqida gapirgan videoni joyladi.
Qirg‘iziston prezidenti o‘z nutqid davomida, xususan, qarindoshlarining davlat ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aytib, ishontirgan.
"Aytishlaricha, Jeenbekov Boqiyevday bo‘libdimish, go‘yo mening ham qarindoshlarim hokimiyat tepasiga kelishgani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Men sizlarga aytib qo‘yay, qarindoshlarimni o‘z ishlarimga aralashtirishga odatlanmaganman. Mening bosh maqsadim - tinchgina ishlash va muddatim tugashi bilan hokimiyatni topshirish. Shuningdek, men mutlaqo tanimaydigan "qarindoshlarim" va "do‘stlarim" ham paydo bo‘libdi. Ular vrach qabuliga tezroq kirish yoki allaqanday mansabni egallamoqchi bo‘lganlarida mening ismimni aytayotgan ekan. Men, ularni tezroq qamoqqa olishlarini talab qilaman", - deb qayd etgan prezident.
Qirg‘iziston rahbari, shuningdek, o‘g‘li hech qachon Maksim Boqiyevga o‘xshamasligini, bugungi kunda u endi to‘rtinchi sinfga o‘tganini qo‘shimcha qilgan.