TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Polshaning Belsat telekanali ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha menejer sifatida ishlagan Ivan Shiloni Polsha va AQSh prezidentlari Anjey Duda va Donald Trampning fotosuratini e’lon qilgani uchun ishdan bo‘shatdi.
Ta’kidlanishicha, Shilo o‘zining Facebookdagi rasmiy akkauntida Oq uyda bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbarlari uchrashuvi vaqtida olingan va "Chapdagi - Polsha prezidenti" deya izoh berilgan suratni e’lon qilgan.
Ushbu surat tufayli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sal oldin Polsha ustidan kulishgan va uni qattiq tanqid qilishgan edi. Fotosuratda ikki davlat rahbarlari strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuvni imzolashayotgani tasvirlangan, shu bilan birga Tramp stol qarshisida o‘tirgani, Duda esa bir oz egilib turgani aks ettirilgan.
Polsha prezidentini u o‘zini va mamlakatni kamsitishlariga yo‘l qo‘yib berganlikda ayblashdi.
Tarmoq foydalanuvchilari Tramp va Kim Chen In o‘rtasida bo‘lib o‘tgan memorandum imzolash tadbirida olingan fotosuratni misol keltirishgan. Bunda AQSh prezidenti ham Shimoliy Koreya rahbari ham stol qarshisida o‘tirganlarini ko‘rish mumkin edi.
Ushbu fotosurat e’lon qilingan kunning ertasiga Ivan Shilo hech bir sababsiz ishdan bo‘shatilgan. U bu haqda o‘zining Feysbukdagi sahifasida ma’lum qilgan.
"Meni bo‘shatishdi. Hech qanday gap-so‘zsiz, shunchaki ishchi chatlardan chiqarib tashlashdi va barcha kirish huquqlarimdan mahrum qilishdi. Balki qachonlardir bu haqda batafsil yozarman. Balki, yo‘q. Lekin hozirgi holat - tubanlik. Rahbarlar o‘z xatolari uchun kechirim so‘ramaydi, lekin o‘z xatolari uchun boshqalarni ishdan haydashlari ham kerak emas - bu ish emas", - deb yozgan Shilo.
Sal vaqt o‘tib, telekanal rahbari Agneshka Romashevskaya-Guzi xodimning ishdan haydalishiga uning prezident haqidagi "hazili" sabab bo‘lganligini ma’lum qilgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv Polsha xavfsizligi uchun katta ahamiyatga ega va "bu "Belsat" xodimlari hazil qilishiga asos bo‘lmaydigan sanoqli mavzular sirasiga kiradi". Telekanal direktorining onasi prezident maslahatchisi lavozimida ishlaydi.