TOShKENT, 22 sen - Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 21-sentabr kuni Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi poligonda o‘tkazilayotgan hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlarni kuzatish uchun Tojikistonda bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 18-sentabrdan 21-sentabrga qadar Tojikistonning so‘zd viloyatidagi Chorruxdarron poligonida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu harbiy mashg‘ulotlarda harbiylar, og‘ir texnika va aviatsiya safarbar etilgan.
Mashg‘ulot shartiga ko‘ra, dastlab ikki davlat harbiylari hamkorligida chegara yaqinida aholini asir olgan shartli terrorchi kuchlarning joylashgan joyi uchuvchisiz uchar apparatlari vositasida aniqlangan. Olingan ma’lumotlar asosida, ularni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar aviatsiya va artilleriya zarbalari orqali yo‘q qilingan. O‘zbekistonlik desantchilar shartli dushman kelishi ehtimoliy yo‘nalishiga pistirma uyushtirgan. Jangovar texnikalar vositasida harbiy xizmatchilar tezkor va aniq harakatlanib, aksilterror operatsiyasini muvaffaqiyatli yakunlashgan.
O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mashg‘ulotlarda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh tojikistonlik harbiylarni vazirlikning "Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun" ko‘krak nishonlari bilan taqdirlagan.
O‘z navbatida o‘zbekistonlik ilg‘or harbiy xizmatchilar Tojikiston mudofaa vaziri tomonidan rag‘batlantirilgan.
"Hamkorlikdagi jangovar operatsiyalarning asosiy qismini O‘zbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari kuzatib borishdi. Uch kun davom etgan amaliy mashg‘ulotlar ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga, chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirishga, harbiy xizmatchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi", - dedi Sputnik muxbiriga matbuot-xizmati vakili.
Qo‘shma mashg‘ulotlar yakunida harbiylar uchun O‘zbekistonning taniqli estrada xonandalari va harbiy san’atkorlari tomonidan konsert dasturi taqdim etilgan.