Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 24-yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi.
Tantanali kutib olish marosimi, tor va keng doiralardagi muzokaralardan so‘ng ikki davlat o‘rtasida hujjatlar imzolanishi jarayoni boshlandi.
Bu maqsadi mavhum memorandumlar emas, balki aniq kelishuvlarga asoslangan 19ta bitim edi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston va Belarus prezidentlari OAVlar qarshisida bayonot qilishdi.
Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan bir-biriga "iliqlik" tuyg‘ularni sezishmagani tufayli bu holat mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikka ta’sir ko‘rsatgani, ammo Shavkat Mirziyoyevning hukumat tepasiga kelishi Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida munosabatlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanganini e’tirof etdi.
Sputnik O‘zbekiston Belarus prezidenti nutqidagi eng yorqin fikrlarni e’tiboringizga havola qiladi.
"Chorak asrlik yo‘qotishlarni 3-4 yilda qoplaymiz"
O‘z nutqi avvalida O‘zbekiston-Belarus munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga chiqqanini e’tirof etgan Lukashenko, ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan sal kam chorak asrlik tanaffusni "3-4 yil ichida yengib o‘tishni rejalashtirmoqdamiz", deya ma’lum qildi u.
Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan o‘zaro tushunish va o‘zaro ishonch asosida ochiq muloqot olib borayotganini, ikki davlat ko‘ptomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan chindan manfaatdorligini aytdi.
"Bugungi muzokaralarimiz prezident (Shavkat Mirziyoyev) aytganidek, iliq, do‘stona, birodarlik ruhida kechdi. Men buni tasdiqlayman. Albatta, asosiy e’tibor, so‘nggi vaqtlarda, baxtimizga, muvaffaqiyatli kengayib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalarga qaratildi. Iqtisod bo‘lar ekan, savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘lar ekan, do‘stlik bo‘ladi, munosabatlarimiz taraqqiy etadi", - dedi Belarus yetakchisi.
"Memorandumlarni yomon ko‘ramiz"
Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan hujjatlar haqida to‘xtalar ekan, Lukashenko hali shu paytgacha rasmiy Minsk hech bir davlat bilan bu qadar ko‘p aniq kelishuvlarni imzolamaganini qayd etdi.
"Bu aniq hujjatlar va bitimlar. Mening do‘stim Memorandumlarni yomon ko‘radi, men ularni umuman yoqtirmayman", - dedi Lukashenko (zalda kulgi ko‘tarildi) va aniq bitim bo‘lsagina ish yurishishini ta’kidladi
"Oqsoqollar"ga murojaat
Aleksandr Lukashenko, Mirziyoyevga murojaat qilar ekan, "Mana, ko‘rib turibman, zalda bizning "oqsoqollarimiz" - mamlakatdagi eng yirik, gigant-korxonalar rahbarlari o‘tirishibdi, mamlakatimiz iqtisodiyotini mana shular yurg‘izadi", dedi.
So‘ngra, Shavkat Mirziyoyev guvohligida yirik-biznes doiralar vakillariga O‘zbekiston bo‘yicha topshiriq berdi.
"O‘zbekistonga kelgusi safar aniq loyihalar bilan qaytishingiz kerak. Siz yix oxirigacha bu yerdan ish topishingiz kerak. O‘zingizga yozib oling, har bir kelgan rahbardan u O‘zbekistonda ertagayoq topa oladigan aniq ish rejasini so‘rab olinglar. Men sizdan boshqa hech narsa so‘ramayman talab ham qilmayman. Bittadan loyiha taqdim eting, o‘shanda ko‘rasiz, aylanma hajmi va natija qanday bo‘lishini", - dedi Lukashenko.
Gap bu yerda, ikki davlatning salohiyatini hech qanday siyosiy ittifoqdoshliksiz birlashtirish haqida borgan edi.
"Belaruslar aql o‘rgatayapti demang"
Lukashenko o‘z nutqida zaldagi ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, "Belaruslar kelib aql o‘rgatayapti, degan fikr sizlarda hosil bo‘lmasligini xohlardim", dedi.
"Biz sizlar bilan sobiq Ittifoq davridayoq bu texnologiyalarni yaratganmiz. Shunchaki sizlarni "oq oltin" bilan bosib tashlashdi, sizlardan "oq oltin" ber", deb talab etishardi. Va sizlar bu paxtani berar edingizlar. Biz esa texnologiyalarni yaratardik, paxtani qayta ishlardik, va albattaki, bu texnologiyalar bizda saqlanib qoldi, lekin ular o‘sha siz yetishtirgan va bizda qayta ishlangan paxta tufayli yaratilgan edi", - dedi Lukashenko.
Lukashenko o‘zbekistonlik delegatsiya vakillariga murojaat qildi va agar ularda Belarusdagi biron bir ishlab-chiqarish korxonasiga nisbatan zarracha bo‘lsa-da, qiziqish paydo bo‘lgan bo‘lsa, hech tortinmay savol berishlarini so‘radi.
"Bizda yopiq mavzuning o‘zi yo‘q, qiziqdingizmi, so‘rang, ko‘rsatamiz, o‘rgatamiz, kerak bo‘lsa kadrlar bilan ta’minlaymiz. Sizdan faqatgina faollik talab etiladi", - dedi siyosatchi.
Belarus rahbari shu o‘rinda yaqinda mamlakatda Hukumat a’zolarining teng yarmi o‘z mansablaridan mahrum bo‘lganliklarini esga oldi. "Ular natija yo‘qligi uchun ishdan mahrum bo‘ldilar. Men ham do‘stim (Mirziyoyev) singari natijani yaxshi ko‘raman. Axir bizda diktatura-ku, O‘zbekistonda va Belarusda", - dedi Lukashenko. Belarus rahbarining bu gapidan keyin ham zalda navbatdagi bor kulgi ko‘tarildi.