TOShKENT, 8 sen - Sputnik. Ishga joylashtirishga va’da berib pul olgan tibbiyot xodimlari qo‘lga tushdi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Xabarga ko‘ra, 5-sentabr kuni fuqaro B.S Buxoro viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, Kogon tumani Tibbiyot birlashmasi xodimlari S.G. va N.D.lar rahbariyat orqali uni Tibbiyot birlashmasining Bolalar bo‘limiga farroshlikka ishga joylashtirish evaziga 200 AQSh dollari berishini talab qilayotganliklarini ma’lum qilgan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Buxoro viloyati ichki ishlar hamda prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Kogon tumani Tibbiyot birlashmasi xodimlari S.G. va N.D.lar Kogon tumani Tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi xonasida ariza muallifi B.S.dan 200 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Ushbu holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.