TOShKENT, 1 sen - Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan O‘zbekiston Bosh konsulligi o‘zining Feysbukdagi sahifasida migrantlarga murojaat qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bosh konsullik migrantlardan bino tashqarisida u yoki bu masalaning hal etilishini tezlashtirib berish borasida o‘z xizmatini taklif etadigan notanish shaxslardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.
"Bosh konsullik binosi tashqarisida u yoki bu masalaning ko‘rib chiqilishi, bino ichiga navbatsiz kirish, turli ma’lumotnomalarni rasmiylashtirish va hokazo masalalar bo‘yicha shubhali (aksariyat hollarda noqonuniy) takliflar bilan bog‘liq bo‘lgan notanish shaxslar xizmatidan foydalanishdan saqlanishingizni so‘raymiz", - deyiladi murojaatda.
Bosh konsullik o‘z binosi tashqarisida ko‘rsatilgan: kopiya qilish, blank to‘ldirish, suratga tushirish singari xizmatlar uchun javobgar emasligi haqida eslatma bergan.
Bosh konsullik migrantlarga konsullik xodimlari O‘zbekiston fuqarolarini faqatgina Bosh konsullik binosi ichida qabul qilib, o‘sha yerda ularga konsullik-huquqiy xizmatlarini ko‘rsatishlarini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburgdagi O‘zbekiston Bosh konsulligi 4-Krasnoarmeyskaya, 4-A uy manzilida joylashgan. Manzilga yaqin metro stansiyasi — "Texnologicheskiy institut".
Qabulga yozilish uchun +7-965-751-20-71 telefon raqami bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilish yoki 998909942747 telefon raqamiga bog‘langan Telegram, WhatsApp, Viber, Imo messenjerlari orqali bog‘lanish mumkin.