TOShKENT, 28 avg – Sputnik. O‘zbekistonda avtomobil oynasini tusini o‘zgartirishga (tonirovka) ruxsatnoma berish va ushbu xizmatni qaysi korxona tomonidan ko‘rsatilishi ma’lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Huquqiy axborot” telegram kanali.
Yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish, uni ro‘yxatga olish va ruxsatnomaning amal qilinishini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, ruxsatnoma Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan beriladi.
Yengil avtotransport oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari esa “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmat ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma olish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlar va hujjatlar namunasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Shuningdek, Nizom bilan ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, dublikatini berish tartiblari belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, ruxsatnoma 1-yil muddatga beriladi, egasi uni amal qilish muddati tugashidan oldin foydalanishdan voz kechgan taqdirda, to‘lovning qolgan qismi qaytarilmaydi.