TOShKENT, 28 avg - Sputnik. Ikki yuz mingga yaqin indoneziyalik O‘zbekiston orqali Umraga borishi kutilmoqda, deb xabar qildi O‘zbekiston Musulmonlar idorasining matbuot xizmati.
Makka shahrida O‘zbekiston “Haj-2018” ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan boshchiligida, Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” va Indoneziyadagi “Burhonul Hidoya” shirkati rahbarlari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda indoneziyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonning qadimiy shaharlari hisoblangan Samarqand va Buxoro orqali Umra ziyoratiga borishini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, har yili 150-200 ming indoneziyalik ziyoratchi qadimiy shaharlarimiz – Samarqand va Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, so‘ngra Umra safariga shu yerning o‘zidan jo‘nab ketishadi.
Ushbu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida, hamkor shirkat rahbari shayx Solih Salim Bahviniy yaqinda O‘zbekistonga keladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida amalga oshiriladigan ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston havo yo‘llari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Malumot uchun, joriy yilning oktabr oyidan boshlab indoneziyaliklarning yurtimiz orqali Umra safariga jo‘nab ketishi belgilangan.