TOShKENT, 27 avg – Sputnik. Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi prezident qarorida O‘zbekistonda muzey va boshqa madaniyat muassasalariga chipta sotishni blokcheyn texnologiyasi asosida yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, Madaniyat vazirligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish Jamg‘armasi, Axborot texnologiyasi vazirligi ikki oy ichida “blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (ChOYaET) joriy etish” bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak.
ChOYaET yaratuvchilari oldiga quyidagi asosiy talablar qo‘yilmoqda:
- ChOYaETga ulangan respublika madaniyat va san’at muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish;
- elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish;
- elektron chiptalar rekvizitlariga, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalarining elektron chiptalarni muomalaga chiqarish, hisobga olish va tasdiqlash uchun foydalanadigan moddiy-texnik bazasiga eng kam talablarni joriy etish;
- ChOYaET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir choralarga eng kam talablarni joriy etish;
- ChOYaET doirasida chiptalarni sotishdan tushgan tushumdan ChOYaETni saqlash, shuningdek, Renovatsiya dasturida va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga yuboriladigan yig‘im joriy etish.
Eslatib o‘tamiz, Madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish haqidagi prezident qarorida Jamg‘armani to‘ldirish borasida lotereya tashkil qilish hamda Muzeylar renovatsiya dasturini ishga tushirish nazarda tutilgan.