TOShKENT, 27 avg - Sputnik. 2018-yilning 27-avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani Qobul shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
"Vazir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Afg‘oniston rahbariyatini dunyo musulmonlarining muhim bayrami - Qurbon hayiti munosabati bilan yana bir bor samimiy tabrikladi hamda butun birodar afg‘on xalqiga tinchlik va farovonlik tilaklarini yetkazib qo‘ydi", - deyiladi xabarda.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida, 2018-yil 27-mart kuni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining asosiy qoidalari amalga oshirilishining borishi, jumladan, Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonga ko‘maklashish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan soralar muhokama qilingan.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvlo oliy darajadagi muntazam O‘zbekiston-Afg‘oniston muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko‘rib chiqilgan.
Xususan, tomonlarning temir yo‘l va energetika sohalari bo‘yicha mutaxassislari "Mozori-Sharif-Hirot" temir yo‘l liniyasi hamda "Surxon - Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq ba’zi muhim masalalarni muhokama qildilar, deb ta’kidlanadi xabarda.
Ta’kidlanishicha, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa mavzularini ham ko‘rib chiqishgan.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Qobul shahrida Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib, Ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nosir Andisha bilan muzokaralar o‘tkazganligi aytilgan.