TOShKENT, 21 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Tabrik matni prezident rasmiy saytida e’lon qilingan.
O‘zbekiston prezidenti o‘z tabrigi avvalida ushbu ayyomning O‘zbekiston xalqi ma’naviy hayotida olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosligini ta’kidlab o‘tgan.
"Dunyoda muqaddas dinimiz nomidan turli yovuz harakatlar sodir etishga urinishlar kuchayib borayotgan bir paytda, unib-o‘sib, hayotga yorug‘ yuz bilan kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizga muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini tushuntirib berish, ularni teran fikrlaydigan, shiddatli zamon mezonlari asosida yashaydigan ma’rifatli, dunyoqarashi keng, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda", - deyiladi tabrik matnida.
Prezident shu jumladan O‘zbekistonda barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinayotganiga urg‘u bergan.
Xususan, yaqinda Vashington shahrida o‘tkazilgan diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro forumda O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholanganini ta’kidlagan.
Prezident o‘z tabrigida, Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan uch kunlik dam olish xalqning kayfiyatini ko‘tarib, bayramga alohida fayz va shukuh baxsh etganini ta’kidlagan.