TOShKENT, 13 avg — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentda "Tolibon" siyosiy harakatining ofisi ochilishini rad etdi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Ilgariroq Reuters toliblar vakillariga tayangan holda, siyosiy harakat O‘zbekiston poytaxtida ofisini ochishini xabar qilgan edi.
"Bu masala muhokama etilmagan. Hech qanday ofis ochilayotgani yo‘q", - deya aniqlik kiritgan suhbatdosh RIA Novosti muxbiri tomonidan ofis ochilishi haqidagi ma’lumotga izoh berar ekan.
Eslatib o‘tamiz, Qatar hududida "Tolibon" harakatining yagona rasmiy vakolatxonasi mavjud. Sal oldin Qatar hukumati "Tolibon" bilan aloqa o‘rnatishgani va uning vakilini AQSh iltimosiga binoan o‘z hududida qabul qilishgani haqida xabar tarqatishgan edi.
O‘tgan haftada O‘zbekiston TIV, "Tolibon" vakillari 7-10 avgust kunlari Toshkentda muzokara o‘tkazishgani, Afg‘onistondagi tinchlik o‘rnatish istiqbollari muhokama etilgani haqida xabar bergan edi.