TOShKENT, 13 avg – Sputnik. Oktabr oyining boshida dunyoning taniqli arxitektor va dizaynerlari Toshkentda jamlanadi, deb xabar qilmoqda UDAW rasmiy sahifasi.
Toshkentda 1-oktabrdan UDAW – Uzbekistan Design & Architecture week 2018 o‘z faoliyatini boshlaydi. Tadbir Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.
Dizayn haftaligi tashkilotchilari xabariga ko‘ra, UDAW dizayner va arxitektorlar hamda ishlab chiqaruvchilar orasida aloqalar o‘rnatishga, tajriba almashishga xizmat qiladi.
Tadbirning eng asosiy voqealaridan biri bu - unga Nyu Yorklik mashhur sanoat dizayneri Karim Rashidning tashrif buyurishi bo‘ladi. Karim Rashid tadbir ishtirokchilari uchun maxsus leksiya o‘qiydi. Shuningdek, haftalik mehmonlari orasida rossiyalik taniqli dizaynerlar Diana Balashova va Yevgeniy Turinlar hamda o‘zbekistonlik interyerlar ustasi Lyubov Safronova ham bor.
Undan tashqari, tashkilotchilar xabariga ko‘ra, tadbir mehmonlarini turli ijodiy tomoshalar, musiqali va lazerli shou, tanlovlar, estrada yulduzlari va di-jey setlar ham kutmoqda.