Mahalladan blokcheyngacha – Toshkent kelajagiga nazar

Obuna bo‘lish
16 yildan buyon Toshkent shaharsozligini o‘rganib kelayotgan rossiyalik antropolog-urbanist Artem Kosmarskiy Toshkent kelajagi haqidagi g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.

TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Rossiyalik urbanist ekspert Artem Kosmarskiy 10-avgust kuni  "Ilhom" teatrida "Mahalladan blokcheyngacha" mavzuli leksiya o‘qidi. Unda ekspert o‘zining Toshkent kelajagi haqidagi g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi. 

Ekspert fikriga ko‘ra, ayni damda Toshkent yangi yo‘lning boshida turibdi. O‘tgan 25-yil davomida Toshkentda o‘zgarishlar kam bo‘lgan.

“Karimov davrida Toshkent o‘ziga xos sotsializm oroli sifatida saqlanib qolgan bo‘lsa, hozir ushbu shahar, dunyoning barcha burchaklarida amal qilayotgan global oqimlar uchun ochilmoqda”, - deydi ekspert.

Kosmarskiy fikriga ko‘ra, Toshkent rivojlanishining keyingi bosqichi asosiy ikki yo‘nalish bo‘yicha olib borilishi kerak.

Birinchi yo‘nalish bu – biofil shahar, ya’ni faqatgina shaharning u yoki bu yerida tabiiy hududlar, bog‘lar tashkil qilish bilan cheklanmasdan, tabiatni shahar ichiga kirib kelishiga imkon yaratish. Tabiatni shaharning har bir bo‘lagida uchratish imkonini yaratish, kutilmagan joylarda, bir tup daraxt yoki kichik butalar, maysazorlar yaratish. 

Ikkinchisi esa, “aqlli shahar” konsepsiyasi. Mavjud bo‘lgan eng zamonaviy texnologiyalar yordamida shahar hayotini yanada qulay, yanada xavfsiz va samarali qilish. Ekspert fikriga ko‘ra, blokcheyn texnologiyasini qo‘llash, kelajakda shahar aholisining an’anaviy hayot tarzini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Artem Kosmarskiy Rossiya fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, antropolog va urbanist, 16-yildan beri Toshkent shahrining rivojlanishini o‘rganib kelmoqda. “Strelka” konstrutorlik burosi maslahatchisi.

Yangiliklar lentasi
0