TOShKENT, 7 avg — Sputnik. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent metro bekatlari va boshqa jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilish haqidagi murojaat joylashtirildi.
Taklif hukumatga kiritilishi uchun ushbu murojaat 5000 ta ovoz to‘plashi kerak. Murojaatga hozircha 134 ta ovoz berilgan, ovoz berish tugashiga esa 90 kun bor.
“Bugungi kunda poytaxtimiz aholisi ko‘payib borayotganini hisobga olib, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Biroq jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Zamonaviy talablarga javob beradigan hojatxonalar barpo qilish nafaqat xalqimiz uchun, balki yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarimiz uchun ham qulaylik yaratadi. Yoshi ulug‘ kishilar, bolalar va bemorlar bu borada zarurat tug‘ilganda anchagina noqulay ahvolda qolishadi. Oddiy hojatxonalar bilan birga xorijiy davlatlarga o‘xshab chaqaloqlarni yo‘rgaklash xonalari, imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus hojatxonalar barpo etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi”, — deyiladi murojaat matnida.
Hojatxonalarni birinchi navbatda metro bekatlarida qurishdan boshlash, ularni har bir bekatning har ikki chiqish tarafiga qurish taklif etilgan.
“Metro bekatlaridan tashqari boshqa jamoat joylarida ham shunday tipdagi hojatxonalar qurish mumkin. Hojatxonalarni ko‘paytirish bilan birga ularda xizmat ko‘rsatish sifatiga, sanitariya-gigiyena holatiga qattiq e’tibor berish lozim”, — deb qo‘shimcha qilingan murojaatda.