TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Toshkent shahrida tajriba tariqasida Yevropa sifatidagi avtomatlashgan hojatxonalar o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda TOP BUSINESS kompaniyasi Toshkent shahri hududida Yevropa sifatidagi avtomatlashgan jamoat hojatxonalari tarmog‘ini o‘rnatish va ochish loyihasini taqdim qildi.
Kelgusida shahar markazida tajriba tariqasida o‘nta shunday avtomatlashgan hojatxonalar o‘rnatiladi. Hozirda loyihaning joyini aniqlashtirish va uni ko‘lamini oshirish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yaponiyalik turistlarning aksariyat qismi aynan jamoat hojatxonalarining yo‘qligi bois O‘zbekistonga sayohat qilishni xohlamas ekan.