TOShKENT, 7 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari ayni kunda Osiyo shengeni - "Silk viza"ni joriy etish ustida ish olib borishmoqda. Bu haqda seshanba kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Qurmanov ma’lum qildi.
Qurmanovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan parlamentlararo uchrashuv davomida ikkala davlat turistik salohiyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokamasi davomida Qozog‘iston tomon O‘zbekistonga Markaziy Osiyoda shengen vizasiga o‘xshash yagona vizani joriy etish kerakligi taklifi bilan chiqqan.
"Hozirda ikki davlat o‘rtasida ushbu yo‘nalishda tayyorgarlik oborilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari sayyohlariga yagona vizani berish O‘zbekiston rejasida bor", - deb qayd etdi senator.
O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi Xalqaro boshqarma rahbari o‘rinbosari Feruz Dodiyev nega O‘zbekiston Qozog‘istonning ushbu taklifini ijobiy qabul qilganini izohlar ekan, chet el safarlarida, xususan prezentatsiyalar davomida sayyohlar tomonidan Ipak Yo‘li brendi ostidagi turizm mahsulotlariga juda katta qiziqish bildirilishi kuzatilishini qayd etib o‘tdi.
"Ushbu vizani joriy qilsak, O‘rta Osiyo mamlakatlarida birlashtirilgan turlarni birgalikda chet bozoriga olib chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlar turistik salohiyatini bir joyga jamlashga dunyo bozorlariga olib chiqishiga katta turtki bo‘ladi", - dedi Dodiyev.
Ta’kidlanishicha, ayni kunda Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bu borada yo‘l xaritasini ishlab chiqish ishlari boshlangan, ammo qo‘shni davlatlar turizm qo‘mitalari ham bu masalaga ijobiy munosabat bildirishmoqda.
Yo‘l dasturi ishlab chiqilgach, shu asosda yagona vizani qabul qilish qarori qabul qilinadi. Bu yaqin kelajakda ro‘y berishi kutilmoqda.